Она тили - миллат руҳининг ифодаси

3 января 2019 - Фарит Габдулхаков
article107.jpg

 Абдумаликова Шахноза она тили тўғрисида фикр юритади, бошқа тилларга бўлган муносабатини ёритади

                      Ona tili ­­– millat ruhining ifodasi

 

                                                                         AbdumalikovaShahnoza

NamDU filologiya fakulteti o’zbek

 tili yo’nalishi 102-guruh talabasi.

Ilmiy rahbar: Uluqov Nosirjon, professor 

    Til – nutq ko’rki. So’z – fikrlar libosi. Shularni e’tiborga olgan holda Bobur qalami ila zeb berilgan, Navoiy ijodida gullab-yashnagan, shohona ona tilim to’g’risida fikrlashni boshladim. Har bir millat dunyoda yashar ekan, o’z ona tiliga – bebaho gavhariga ega bo’ladi. Til — bu millat qalbi, xalqning tarixidir. Til – bu taraqqiyot va madaniyat bosib o’tgan olis yo’l. Til – bu g’oya, tuyg’u, tafakkur tog’ining tabarruk siym-u zari, millionlarcha avlodlar tomonidan yaratilgan tirik jondir. Buyuk ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniy aytganidek: ”Har bir millatning dunyoda borligini ko’rsatadurg’on oyinayi hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo’qotmak millat ruhini yo’qotmakdir”. [1]

    Darhaqiqat, til har bir millatning, xalqning ma’naviyatini, madaniyatini ko’rsatuvchi ko’zgudir.Til haqida fikr yuritar ekanmiz, 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan ,,O’zbek tiliga davlat tili maqomini berish’’ to’g’risidagi qonunga alohida to’xtalishimiz kerak deb o’ylayman. Chunki bu qonun bizga o’zbek tilimizni, shu bilan birgalikda, o’zligimizni ham qaytarib berdi. Shu bois ham barchamiz bu til bilan faxrlanamiz:

                                       Butun elga tanitding,

                                       So’zga boy ona tilim.

                                       Sen bilan faxrlanar 

                                       Avlod-u ajdodlarim.

 

   Xalqimizda ajoyib naql bor:”Til bilgan el biladi”. Darhaqiqat, bugungi kunda yuzlab yurtdoshlarimiz chet tillarini o’rganib, juda ko’p chet davlatlarida o’qib  kelishyapti, o’qish bilan birgalikda o’sha mamlakatning madaniyati, o’tmishi va kelajagi haqida  ham ma’lumotlarga ega bo’lib qaytishayotgani buning qanchalik to’g’ri ekanligini ko’rsatmoqda. Har birimiz uchun, ayniqsa, bugungi taraqqiyot asri, texnologiyalar davrida chet tillarini o’rganish zarur. Mashoyixlardan biri: ”Ko’p tilni bilish bitta qulfga tushadigan bir nechta kalitga ega bo’lish demakdir”, — degan edi. Zero, til bilish kishidagi ma’rifat, ma’naviyatning muhim belgisidir. Shuning uchun bundan yuz yillar avval buyuk ma’rifatparvar Avaz O’tar o’g’li ham barchamizni chet tillarini o’rganishga chorlagan:

                   Har tilni biluv emdi bani odama jondur,

                   Til vositayi, robitayi olamiyondur.

                   G’ayri tilni sa’y qiling bilgali, yoshlar,

                    Kim ilm-u hunarlar rivoji andin ayondur.[2]

      Ha, g’ayri tillarni bilish hayotimizda doimo zarur. Shu bois ham ko’p bobolarimiz chet tillarini o’rganishga da’vat etganlar.

       Ey bebaho ona tilim! Sen menga vatanimni, tariximni, ajdodlarimni tanitding. Sen bilan his-tuyg’ularimni, ota-onamga, Vatanimga bo’lgan mehrimni izhor qilish, tengdoshlarim bilan muloqot qila olish imkoniyatiga egaman. Har bir inson o’z ona tilining tarovatidan bahra olsa, men ham sening go’zalligingdan, jozibangdan, senda yozilgan she’rlar, g’azallar, hikmatlarni o’qib zavq olaman.Sen tufayli bizlar birlashdik, urf-odat, an’analarimizni saqladik. NamDU professori Farit Gabdulhaqov ham bir maqolasida til to’g’risida shunday fikrlarni bildiradi: “Til har bir millat madaniyatining o’zagidir.Til xalqni birlashtirdi, tarbiyalaydi, o’qitadi, urf-odat, an’analarini saqlaydi”.[3]Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro’-e’tiborini yuksaltirish uchun har birimiz sidqidildan harakat qilishimiz kerak. Ey ona tilim, sen uchun jonimni fido qilsam ham kamlik qiladi. Mayli sen qashshoq bo’l, mayli sen jahon minbarlaridan jaranglama, lekin men uchun hamisha muqaddas va buyuksan:

             Mayli qashshoq bo’lsin mayli behasham,

             Lekin mening uchun aziz va suyuk.

             Jahon minbaridan yangramasa ham,

             Ona tilim menga muqaddas, buyuk!



[1]Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq.- Toshkent: O’zbekiston, 2010.

       [2] Avaz O’tar. Saodat ul-iqbol. — Toshkent: O’zbekiston, 2012.

[3] Farit Gabdulhaqov. Til sohibi. –Namangan: 2018. 

 

 

 

 

 

Рейтинг: 0 Голосов: 0 6992 просмотра
Комментарии (0)

Нет комментариев. Ваш будет первым!

Добавить комментарий